Oʻzbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi koʻmagida mushkul ahvolda qolgan uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Fuqarolar I.X., I.G. va uning voyaga yetmagan farzandi I.M. 2024-yil 22-dekabr kuni yaqin qarindoshining taklifi bilan BAAga kelgan va Dubay shahrida ijara uyga joylashgan. Oʻtgan vaqt mobaynida ular BAAda boʻlish uchun viza rasmiylashtirmasdan noqonuniy yashab kelgan.
Mehmonlarni BAA taklif qilgan shaxs 23-fevral kuni Qatarga chiqib ketayotganligini aytib, aloqani uzgan. Mart oyi boshida xonadon egasi ijara pulini toʻlash kerakligini, agar ijara puli toʻlanmasa xonadonni tark etishni talab qilib, vatandoshlarimizni koʻchaga haydagan.
Fuqarolar bilan suhbat davomida ularning turar uy-joy, oziq-ovqat va vatanga qaytish uchun mablagʻlari yoʻqligi oydinlashdi.
Bosh konsulxona xodimlari Amirliklardagi “Ayollar va bolalarga yordam koʻrsatish markazi” xayriya tashkiloti va faol vatandoshlarimiz bilan birgalikda yordamga muhtoj fuqarolarga barcha zarur koʻmak koʻrsatdi.
Ularning BAAda noqonuniy yashab kelgan muddatda hisoblangan 2 178 dollar miqdoridagi qarzdorlik ushbu mamlakatning tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ijobiy hal qilindi.
Fuqarolarning oilasi bagʻriga qaytishi uchun “Dubay-Toshkent” havo qatnoviga hech qanday toʻlovlarsiz chipta rasmiylashtirib berildi.