Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan Toshkentning ayrim hududlarida sotilayotgan Dubay shokoladi ustidan nazorat xaridi amalga oshirildi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlab olingan mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida “O‘zTest” DM sinov laboratoriyasiga topshirildi. Bayonnoma natijalariga ko‘ra quyidagi nomuvofiqliklar aniqlandi:
- Mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM), shuningdek, achitqi zamburug‘larning yuqori darajadagi mavjudligi;
- Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va “Salmonella 25 g” bakteriyasining mavjudligi, bu esa me‘yoriy hujjatlarda qat‘iyan taqiqlangan;
Bunday ko‘rsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, mahsulotning tashqi ko‘rinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.