Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 9-10-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbout xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Dushanbe shahrida o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Rossiya" formatidagi ikkinchi sammit va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish, shu jumladan siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va infratuzilma sohalarida kooperatsiya qilish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashning dolzarb jihatlarini ham muhokama qiladi.
Sammitlar yakunida amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan qator qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.