Transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoyning Yutong Bus kompaniyasining xalqaro marketing boʻyicha vitse-prezidenti Syuy Pen bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda jamoat transporti tizimini rivojlantirish jarayonida harakat tarkiblarini yangilash borasida dolzarb vazifalar muhokama etildi.
Xususan, tomonlar 200 ta elektrobus sotib olish loyihasini amalga oshirishning hozirgi holatini, shuningdek, Toshkent shahri uchun yana 1000 ta avtobus sotib olish boʻyicha istiqbolli loyiha yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, xususiy tadbirkorlar tomonidan elektrobuslarni sotib olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq jihatlar atroflicha muhokama etildi.