Jizzax va Toshkent viloyatlarida injenerlik maktablari tashkil etiladi

Elektrotexnika mahsulotlari eksportini yanada jadallashtirish uchun yangi “Eltechexport” moliyalashtirish liniyasi joriy etiladi

Prezidentning “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni joriy etgan elektrotexnika sanoati korxonalariga yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan eʼtiboran 3 yil muddatga quyidagi soliq imtiyozlari beriladi:

  • foyda soligʻining nol darajali stavkasini qoʻllash;
  • mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod etish.

Elektrotexnika sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan ommaviy savdolar orqali sotib olinadigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha toʻlovlarini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlashga rozilik beriladi.

Jizzax viloyatidagi 1-son politexnikumi hamda Toshkent viloyatidagi Ohangaron shahar politexnikumi huzurida injenerlik maktablari tashkil etiladi.

2025–2027-yillarda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarning mahalliy kapital bozorida qisqa (1 yilgacha) va oʻrta (5 yilgacha) muddatli obligatsiyalarini joylashtirish va xalqaro kapital bozorlarida 2 ta tarmoq korxonasining yevroobligatsiyalarini chiqarish hisobiga resurs jalb qilishga ruxsat beriladi.

Elektrotexnika mahsulotlari eksportini yanada jadallashtirish uchun yangi “Eltechexport” moliyalashtirish liniyasi joriy etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling