Prezidentning “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, “El-yurt umidi” jamg‘armasi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi. “El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy vazifalari quyidagilar belgilandi:
- professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib borish;
- nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish;
- stipendiatlarning O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritish;
- mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yana-da oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:
- vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari orasidan maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi;
- stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati buyurtmachilar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan belgilanadi;
- maqsadli stajirovkaga yuboriladigan mutaxassislarning stajirovka o‘tashda zarur bo‘ladigan xorijiy tilni o‘rganishi uchun vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan tegishli sharoitlar yaratib beriladi.