Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini xavfsiz ravishda vataniga qaytarish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmalariga muvofiq, Tehron va Ashxoboddagi diplomatik vakolatxonalarda kechayu-kunduz ishlaydigan tezkor shtablar tuzildi. Tezkor shtab Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Turkmaniston orqali vataniga qaytarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi vatandoshlarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash bo‘yicha doimiy aloqa va muvofiqlashtiruv ishlarini olib boryapti. Ashxoboddagi elchixona esa Turkmaniston rasmiylari bilan hamkorlikda fuqarolarini chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda vataniga qaytarish jarayonini samarali tashkil etmoqda.
Bugungi kunga qadar Erondan Turkmaniston orqali jami 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi.