O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi

Mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili bo‘yicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi.

Prezidentning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi

Farmon bilan falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni O‘zbekistonda yashashga moslashtirish jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. 

Farmonga ko‘ra, nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga (mehmonlarga) qonunchilikda belgilangan davolanish muddatidan qatʼi nazar nogironlik belgilanadi.

Mehmonlarga zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi.

Shuningdek, har bir mehnat yoshidagi mehmon uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi.

Mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili bo‘yicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi.

Farmonga ko‘ra, mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plami) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul to‘lab beriladi.

Mehmonlarning oila aʼzolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak berish maqsadida 1 tadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi. 

Mehmonlar yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi.

Mehmonlar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028-yil 1-yanvarigacha ozod etiladi.

Ularning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, “Inson” markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi.

Mehmonlarning yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo‘yiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling