Fargʻonada istiqomat qiluvchi, 2003-y.t. fuqaroning yoni hamda yashash xonadonidan jami 2 kg 992 gramm “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu shaxs Tojikistondan olib kelingan ajal ogʻusini Fargʻona viloyatida yashovchi mijozlarga sotishni rejalashtirgan.
Boshqa holatda esa Qoʻshtepa tumanida vaqtincha yashovchi, 1984-y.t. Tojikiston fuqarosi Margʻilonda istiqomat qiluvchi 3 nafar muqaddam sudlangan sheriklari bilan Toshkent viloyatining Boʻka tumaniga borib, yoʻlning qatnov qismi chetiga tojikistonlik narkosavdogarlar yashirib ketgan 1 kg 977 gramm “gashish” moddasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Namangan viloyatining Pop tumanida qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, ular ushbu zahri qotilni Fargʻona, Margʻilon shaharlari hamda Oltiariq tumanida yashovchi xaridorlarga sotishni rejalashtirishgan.
Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi, 2003-y.t. muqaddam sudlangan shaxs va uning 2004-y.t. turmush oʻrtogʻi ushlanib, ulardan 1 kg 924 gramm “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlanishicha, ushbu ajal ogʻusi ham Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan yana bir holatda 1988-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxsga tegishli “Kombi” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida Qirgʻizistondan keltirilgan 966 gramm “gashish” hamda 976 gramm “opiy” moddalari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.