Beshta hududda giyohvandlik vositalari savdosiga chek qoʻyildi

Huquq tartibot idoralari tomonidan giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi

Huquq tartibot idoralari tomonidan giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Margʻilon shahrida yashovchi, 1991-y.t. shaxs Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelgan 1 kg 524 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini 240 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlandi.

Yozyovon tumanida “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan, Toshloq tumanida yashovchi, 1986-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada mashina saloniga yashirib qoʻyilgan 799 dona “Zardeks” va 40 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 1679 dona “Zardeks” va 48 dona “Tropikamid” hujjatlashtirib olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning yaqin aloqasi, Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1987-y.t. shaxsning Fargʻonadagi vaqtincha yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, 2239 dona “Lirika” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum boʻldi.

Oʻtkazilgan tergov harakatlari davomida, ushbu dori vositalarini Fargʻona tumanida yashovchi, 2001-y.t. fuqaro Qirgʻizistondagi nomaʼlum shaxslardan qabul qilib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.

Xorazm viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Xorazm” yoʻnalishida narkotik moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi, Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1960-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan fuqaro hamda uning 1980-y.t. sherigi oʻzaro til biriktirib, Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 802 gramm “opiy” moddasini sotmoqchi boʻlgan vaqtida ushlandi.

Urganchda esa Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi, 2000-y.t. shaxs va Urganch shahrida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro oʻzaro kelishgan holda 499 gramm “opiy” va 12 gramm “geroin” giyohvandlik vositalarini 11,5 ming dollarga sotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

Shuningdek, ulardan birining yashash xonadoni yertoʻlasi koʻzdan kechirilganda, unda 351 gramm “opiy” moddasi borligi ham aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Xazorasp tumanida 1962-y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirildi. Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgan 989 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Ushbu giyohvandlik vositasi Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling