Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Farg‘onada gaz taʼminoti bo‘limi boshlig‘i va qurilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi

Hozirda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Farg‘onada korrupsion holatlar aniqlandi, deb xabar berdi DXX.

Farg‘ona viloyatidagi tumanlardan birining gaz taʼminoti bo‘limi boshlig‘i 10 ta xonadonni yuqori bosimli tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berish evaziga har bir xonadondan 1000 dollardan talab qilgan. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini o‘zining tanishi orqali olgan vaqtida ushlandi.

Tuman gaz taʼminoti bo‘limi rahbari muqaddam sudlangan.

Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Boshqa holatda esa Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining bosh mutaxassisi Quva tumanida joylashgan 4 sotix yerda qurilishi tugallanmagan bino-inshootlarning hujjatlarini kadastr, arxitektura kabi mutasaddi tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga 5000 dollar talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling