Surxondaryoda energetika sohasining mansabdor xodimiga, Farg‘onada esa Xalq qabulxonasining masʼul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filialining Surxondaryo viloyati Oltinsoy tuman bo‘limi boshlig‘i tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi bosh mutaxassisi bilan o‘zaro til biriktirgan.
Ular paxta yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning elektr energiyasidan qarzdorligi bo‘lsa ham, uni umumiy foydalanishda bo‘lgan elektr tarmog‘iga qayta ulab berish va o‘zida saqlab kelayotgan fermer xo‘jalikka tegishli elektron hisoblagichni qaytarib berish evaziga 5 mln so‘m talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ushlandi.
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi 1965-y.t. fuqaroning kredit qarzdorligi bo‘yicha tuman MIBda unga nisbatan yuritilgan ijro hujjatini tanishlari orqali yo‘q qilib berish evaziga 5 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.