Farmatsevtika sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamgʻarmasi tashkil etiladi

2025-yil 1-iyulgacha 5 ta namunaviy dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etiladi

Prezidentning “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga muvofiq, farmatsevtika mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida:

  • mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining dori vositalaridan bittasini AQSHning “Food and Drug Administration” (FDA) yoki Yevropa Ittifoqining “European Medicines Agency” (EMA) tashkilotlarida roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarining 100 foizi ular roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan soʻng qoplab beriladi;
  • mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizi ular roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan soʻng qoplab beriladi.

Quyidagilar tashkil etiladi:

  • Farmatsevtika sohasining biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yoʻnalishlaridagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamgʻarmasi;
  • Farmatsevtika tarmogʻining istiqbolli loyihalari investitsiya jamgʻarmasi.

2025-yil 1-iyulgacha 5 ta namunaviy dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etiladi va 2026-yil yakunigacha ushbu plantatsiyalarda yetishtirilgan dorivor oʻsimliklarni qayta ishlash loyihalari ishga tushiriladi.

Farmatsevtika korxonalari faoliyatiga ilgʻor standartlarni tatbiq etish boʻyicha marketing va konsalting xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan “Pharm Service” davlat muassasasi tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling