Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi

Yuksak mukofotni O‘zbekiston yetakchisiga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi

Parij shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevni Fransiyaning oliy mukofoti - Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yuksak mukofotni O‘zbekiston yetakchisiga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.

O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor bo‘ldi.

Mamlakat yetakchisi mukofot uchun Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda sermahsul hamkorlikda yuksak natijalarga erishilgani, ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Faxriy legion ordeni 1802 yilda taʼsis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida eʼtirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling