Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Markaz 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus taʼlim va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bolalar kun davomida to‘qqiz soatlik individual o‘quv-trening dasturlari bilan qamrab olinadi. Mashg‘ulotlarni malakali nevropatolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib boradi.
Bu xizmatdan foydalanayotgan onalar farzandlariga mehri va g‘amxo‘rligi uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi. Ularning aytishicha, oldinlari bunday bolalar faqat uyda o‘tirar, jamiyatdan ajralib qolardi. Yangi ijtimoiy himoya tizimi tufayli endi ular ham “yorug‘likka” chiqyapti. Nogironligi bor bolalar inklyuziv taʼlimga, qiziqarli dars va mashg‘ulotlarga jalb etilib, hayotiy ko‘nikmalarni o‘rganyapti. Bu nogiron farzandi bor oilalar uchun juda katta madad va taskindir.
Prezident mamlakatda hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi kengaytirilishini taʼkidladi.
Davlat rahbari shu yerdagi “Faol hayotga qadam besh xizmat” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi.
Markaz shu yil tadbirkor Xosiyat Ortiqovaning shaxsiy mablag‘i hisobidan tashkil etilgan. Bu yerda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun zamonaviy qulayliklar, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Markaz 16 o‘ringa mo‘ljallangan.
Bu yerda tibbiy mutaxassislar tomonidan individual dasturlar asosida har kuni 8 soatlik mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ular insonlarning sog‘lig‘ini tiklash, funksional imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy hayotga qaytarishga yordam beradi.
Muhimi, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan muolajalar samara bera boshladi. Xususan, sakkiz nafar shaxsning o‘z-o‘ziga xizmat qilish darajasi yaxshilandi, besh nafarining oila aʼzosi ishga joylashdi.
“Faol hayotga qadam” dasturi va kunduzgi parvarish insonlarga sog‘lom hayotga qaytish, oilalarga esa iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarni oshirish imkonini bermoqda. Bu xizmatlar orqali faqatgina bemorlar hayotida emas, balki ularning oilalarida, jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Mazkur sohadagi DXSH dasturiga respublika bo‘yicha 600 nafar tadbirkor qo‘shilgan bo‘lib, ularning 46 nafari Namangan viloyatida faoliyat yuritmoqda. “Faol hayotga qadam” dasturi bilan yurtimizdagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj 24 ming fuqaro, kunduzgi parvarish xizmati bilan 3 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan.