Toshkent va Samarqandda ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni chet davlatlarga ishga yuborishga urinish holatlari uchramoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Urgut tumanida yashovchi S.A. o‘zining o‘g‘li S.M. bilan til biriktirib, 2 nafar mahalliy fuqaroning ishonchiga kiradi va tanishlari orqali ularni Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishini aytadi.
Buning evaziga S.A. ularning har biridan 11 ming dollardan, jami 22 ming dollar so‘rab, ushbu pulning 70 foizini oldindan, qolgan 30 foizini esa viza hujjatlari tayyor bo‘lganidan keyin berishlari kerakligini talab qiladi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 15,4 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi, 1999-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan A.N. o‘zining tanishlari yordamida poytaxtlik fuqaroni AQSHga ishga yuborish evaziga 21 ming dollar talab qilib, 9 ming dollarni oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling