Jizzax viloyati Forish tumani hokimi o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, amaldor iyun oyida qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan MCHJ tomonidan auksion orqali yutib olingan 204 gektar sug‘oriladigan yerni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarmaslik va kelgusida ushbu yerdan erkin foydalanishida rahnamolik qilish uchun 30 ming dollar talab qiladi.
Shundan hozir 20 ming dollar berishini, qolgan 10 ming dollarni esa hosil yig‘imidan so‘ng berishi kerakligini aytadi.
Hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 20 ming dollarni o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.