Jizzax viloyatining Forish tumanidagi 1, 3, 5 va 7-sonli davlat bog‘chalarining 37 nafar tarbiyalanuvchilari 9-oktyabr kuni isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketish kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida murojaat qilib kelgan bolalar 8-oktyabr kuni bog‘chalarda biokefir, sir va sariyog‘ kabi mahsulotlari iste‘mol qilganligi aniqlandi.
Ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ushbu bog‘chalarda ommaviy zaharlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalarining buzilishi aniqlandi.
O‘z navbatida, bu inson organizmida oshqozon ichak hazm qilish tizimining buzilishiga olib kelishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.