Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda mutasaddilar favqulodda vaziyatlarda tezkor va proaktiv ishlaydigan tizim yaratishdagi tahlil natijalari, mavjud muammolar va takliflarini bayon qildi.
Hozir favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilyapti. Lekin bunday holatlarning 70 foizdan ortig‘i aholi xonadonlarida nosoz, muddati o‘tgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish, xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelyapti.
Shuning uchun tizim ishini mahallalarda tashkil etib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bilan har bir mahalla, har bir ko‘cha va xonadonni qamrab olishi zarurligi taʼkidlandi.
Sohada raqamli texnologiyalar va zamonaviy texnik vositalardan foydalanish darajasi ancha past, bu boradagi ishlar xanuzgacha zamon talablariga moslashtirilmagan.
Shu bois, sohada raqamli infratuzilma yaratish, favqulodda vaziyat haqida xabar berishdan boshlab, uni to‘liq bartaraf etishgacha bo‘lgan hamma jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, yangi ishlash mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf qilish uchun zamonaviy texnika va jihozlarni ko‘paytirish, ularni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi yillarda mamlakatda barcha tarmoqlar transformatsiya bo‘lyapti, qurilish industriyasi o‘zgarmoqda. Hamma sohalarda “yashil” texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Ular orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi turdagi texnogen xavflarni baholab, oldini olish uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish dolzarbligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida dual taʼlimni yo‘lga qo‘yish va malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilarni tayyorlash, o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish topshirildi.