“Sud sanoqli kunlarda nikohni bekor qildi mazmunidagi xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi“ — Sudyalar oliy kengashi Samarqandda vafot etgan byuti-bloger ishi haqida

Bloger turmush oʻrtogʻi bilan birga FHDYO organiga ariza bilan murojaat qilgan

Avvalroq Samarqandda 23 yoshli qiz oʻz joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq Bosh prokuratura qoʻshimcha maʼlumot bergandi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda byuti-blogerning turmush oʻrtogʻi tomonidan nikohni bekor qilish haqidagi ariza fuqarolik sudida juda qisqa vaqtda koʻrilib, qanoatlantirilganiga oid xabarlar ham uchramoqda.

Aniqlanishicha, G.M. (vafotidan ikki oy avval, turmush oʻrtogʻi birgalikda) nikohdan ajratish haqida sudga emas, balki Samarqand shahar 2-sonli Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organiga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza yuzasidan taraflar 2025-yilning 9-yanvar kuni mazkur organga taklif qilingan.

”Bundan koʻrinadiki, ijtimoiy tarmoqlardagi goʻyoki “sud sanoqli kunlarda nikohni bekor qildi” mazmunidagi xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga G. M. yoki uning turmush oʻrtogʻi tomonidan nikohdan ajratish yoki boshqa oilaviy nizolar boʻyicha daʼvo arizalar kelib tushmagan", — deyiladi xabarda

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling