Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalangan korxona aniqlandi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, tumanning “Ko‘kbuloq” MFYda joylashgan “F. T. M.” MCHJga qarashli hudud xatlovdan o‘tkazilganda, isteʼmolchi elektron gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘ani o‘zboshimchalik bilan olib tashlab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi va 2 milliard 46 million so‘mlik zarar aniqlandi.
Noqonuniy holat bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.