Prezidentning “Kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyotdagi oʻrnini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga koʻra, 2025-yilda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- kichik va oʻrta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda – 34 foizga, eksportda – 34 foizga va aholi bandligini taʼminlashda 75 – foizga yetkazish;
- kamida 600 nafar kichik va oʻrta biznes subyektlarining yiriklashishiga koʻmaklashish orqali ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish;
- 100 nafardan koʻp ishchisi bor tadbirkorlik subyektlari sonini 4 mingga yetkazish.
2025-yil 1-maydan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar YATT yoki yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda, davlat boji undirilmaydi.
Shuningdek, oʻz faoliyatini tegishincha YATT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million soʻmgacha, Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida – 150 million soʻmgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Shu bilan birga, oʻz faoliyatini tegishincha oʻrta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1 yil davomida QQS summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.