Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxs tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Uzun tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 82 kg 478 gramm “opiy” moddasini olib, mahalliy fermer xo‘jaliklaridan birining noturar binosiga yashirib qo‘ymoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u 2 ming dollar xizmat haqi evaziga, tojikistonlik narkosavdogarning ko‘rsatmasiga asosan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida belgilangan joyga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida 2001 y.t. shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” tarzida joylashtirayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, u o‘z qaynonasining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlanib, tintuv tergov harakatlari davomida ushbu manzildan 9 kg 450 gramm “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Bundan tashqari, mazkur fuqaro tomonidan mijozlarga sotish maqsadida xufiya joylarga qoldirilgan jami 595 gramm “Mefedron” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Boshqa holatda esa Rossiyadan xalqaro pochta jo‘natmalari orqali boshqa tovar nomi ostida plastik idishda yuborilgan 7 kg 313 gramm sintetik kannabinoid analogi bo‘lgan “5-Fluro-ADB” giyohvand moddasini qabul qilib olganlarida Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi, 2001 va 2002 yillarda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 2 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ular WhatsApp orqali tanishgan nomaʼlum profil egasi topshirig‘iga ko‘ra, 500 dollar evaziga giyohvand moddasini Toshkent shahridan Samarqand viloyatiga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan.
Shundan so‘ng, mazkur narkotik moddani Samarqand viloyatida qabul qilib olgan vaqtlarida Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 2001 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ham ushlandi.
Ulardan birining Samarqand shahridagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan yashirin laboratoriya tashkil qilinganligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.