Ijtimoiy tarmoqlarda Gubkin universitetining Toshkent filialida urush propagandasi olib borilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Filial matbuot xizmati izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, holat yuzasidan Filial maʼmuriyati tomonidan tegishli oʻrganish ishlari olib borilgan.
Murojaatda nomi tilga olingan shaxs Filial talabalari tarkibida mavjud emasligi aniqlandi. Shuningdek, murojaatda keltirilgan dars jarayonlaridagi “targʻibot ishlari” haqidagi maʼlumotlar asossiz ekanligi, yaʼni ular haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aniqlandi.
Filialda taʼlim jarayoni belgilangan oʻquv rejasi va fanlar dasturi asosida tashkil etilgan. Filial maʼmuriyati ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanini maʼlum qildi.
“Shuningdek, OAV va jamoatchilik vakillaridan tasdiqlanmagan, bir tomonlama maʼlumotlarni tarqatmaslikni va rasmiy manbalarga tayanishni soʻraymiz”, – deyiladi xabarda.