Toshkent viloyatida prokuratura organlari xodimlarining nokonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.
Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Guliston tuman bo‘limi boshlig‘i hamda Bekobod shahar bo‘limi katta tezkor vakili fuqarodan 25 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.
Ular Zangiota tumanida faoliyat yurituvchi 4 ta MCHJning norasmiy rahbari va boshqalarga nisbatan sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishini ularning foydasiga ijobiy hal qilishni hamda Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan 2 ta MCHJda o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlarini noqonuniy deb topib berishni vaʼda qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, IJQKD xodimlari jinoyat ishi doirasida soliq tekshiruvi o‘tkazish orqali aniqlangan zarar miqdorini kamaytirish evaziga MCHJlarning norasmiy rahbaridan muqaddam 108 ming dollar ham olgan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.