“Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi

Prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi

Prezidentning "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yana-da mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yana-da mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;
  • diniy-maʼrifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;
  • aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

“Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, hamkorlar:

  • Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
  • O‘zbekiston mahallalari uyushmasi
  • Yoshlar ishlari agentligi
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi
  • Ichki ishlar vazirligi

Ushbu hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
  • vijdon erkinligini taʼminlash, turli konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash.
  • Farmonga muvofiq, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.

Portalda:

  • “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi;
  • “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling