Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamg‘armasining tavsiyalariga asoslanib, O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Pensiya jamg‘armasi izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, tarmoqlarda muhokama qilinayotgan hujjatlar – bu xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston hukumati uchun tayyorlangan tavsiya va maslahatlar to‘plamidir. Bu tavsiyalar yakuniy qaror emas, balki islohot yo‘nalishlarini belgilashda o‘rganilayotgan variantlardan biridir.
1. XVJ, Jahon banki, OTB, XMTning umumiy tavsiyalari pensiya yoshini oshirish, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar va muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish, amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi o‘rniga butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblashga o‘tish, ijtimoiy badallar stavkalarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga bag‘ishlangan.
2. Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olib, pensiya yoshini oshirish, fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimida ishtirokini taʼminlash, norasmiy bandlikni kamaytirish orqali pensiya tizimi qamrovini oshirish, bunda mehnat migrantlarini pensiya tizimiga jalb qilish uchun ular ishlayotgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama ijtimoiy taʼminot shartnomalarini tuzish, pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasini oshirish, nodavlat pensiya jamg‘armalari joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
3. Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar uyushmasi eksperti tomonidan ko‘p darajali pensiya tizimini joriy qilish, moslashuvchan pensiya yoshini kiritish, minimal pensiya talabini qayta ko‘rib chiqish, ijtimoiy soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki davlat byudjetidan subsidiya ajratish, fuqarolarni pensiya tizimida ishtirokini taʼminlashga qaratilgan tavsiyalar berilgan.
"Hozirda ushbu tavsiyalarning barchasi Ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. Ularning O‘zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga taʼsiri tahlil qilinmoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan", deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.