Bugun va ertaga Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo boʻlishi saqlanib turadi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.
Faqat respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyati choʻl hududlarida 12-aprel kuni yomgʻir yogʻadi va momaqaldiroq kuzatiladi. 13-aprel – yakshanba kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechasi va kunning birinchi yarmida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Respublikaning qolgan hududlarida faqat kechki paytda baʼzi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomgʻirlar kuzatiladi. Surxondaryo viloyatida va Fargʻona vodiysida yogʻingarchilik kutilmaydi.
Ushbu kunlarda koʻpchilik viloyatlarda juda iliq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati 27-32 daraja atrofida, baʼzi joylarda 34 darajagacha, janubda 36 darajagacha boʻladi. Faqat respublikaning shimolida 12-aprelda havo harorati 18-23 darajagacha pasayadi, ammo 13-aprelga kelib, harorat yana koʻtarila boshlaydi.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Togʻ oldi va togʻli hududlarda 11-12-aprel kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, 13-aprelda baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi.
Toshkentda asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat 13-aprel kuni kechga tomon qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Shamol sharqdan birozdan oʻrtacha tezlikgacha esadi. Harorat asosan kechalari 14-19 daraja, kunduz kunlari 27-32 daraja boʻladi.