Hindistonga aldov yo‘li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekistonning Hindistondagi diplomatik missiya konsullik bo‘limiga ushbu mamlakat huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli O‘zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida maʼlumot kelib tushgan.
Shundan so‘ng fuqaro bilan aloqa o‘rnatilib, u elchixonaga olib kelindi. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofitsiant bo‘lib ishlash taklifi bildirilgani aniqlandi. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z.T. aldov to‘zog‘iga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni vatanga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.
Biroq S. va K. Z.T.dan uning uchun sarflangan yo‘l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga harakat qilgan. Z.T. o‘zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaroga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi hamda homiy tashkilotlar ko‘magida “Dehli-Toshkent” yo‘nalishidagi aviareysga chipta sotib olindi.