Hisob palatasiga qo‘shimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi

Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, hamda boshqa tashkilotlarda  ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari etib  quyidagilar belgilandi:

  • qonunlar, prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy qilish;
  • hududlarda islohotlar natijadorligini o‘rganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlarini sifatli tashkil etish;
  • davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning masʼuliyatini oshirish;
  • ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish.

Farmon bilan, Hisob palatasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:

  • qonunlar, prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari  doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini o‘rganish bilan birga ularning aholi hamda tadbirkorlar uchun samaradorligini tahlil qilish;
  • ijro intizomini mustahkamlashga, mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga, prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijalariga erishishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qisqartiriladigan shtat birliklari hisobidan Hisob palatasiga qo‘shimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling