Toshkent shahrida my.gov.uz orqali yangi avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza yo‘llash imkoniyati sinov tartibida ishga tushirildi.
Hozircha bu imkoniyat “Fayzobod” ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish (RO‘ va IO) bo‘limida sinovdan o‘tkazilmoqda. Test muvaffaqiyatli yakunlansa, tizim avval Toshkent shahri bo‘ylab, keyinchalik qolgan hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.
Talabgor arizani shakllantirishda xizmatni qaysi ko‘rinishda olishini belgilaydi?
1. Arizachi RO‘ va IO bo‘limiga borgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish;
2. Sayyor xizmat — YHXX xodimining o‘zi belgilangan manzilga keladi (qo‘shimcha to‘lov asosida).
Xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan to‘lovlar quyidagicha:
- Ro‘yxatdan o‘tkazish: BHMning 6,84 barobari (Elektromobil, motolar, tirkamalar — 1.5 barobar)
- Davlat raqami: BHMning 3,5 barobari
- Qayd etish guvohnomasi (texpasport): BHMning 0,7 barobari
- Texnik ko‘rik: BHMning 0.1 barobari
Sayyor xizmat uchun (10 km.ga):
- 1 kunda kelsa: BHMning 4 barobari
- 3 kunda: BHMning 3 barobari
- 5 kunda: BHMning 2 barobari
10 km dan ortiq masofa uchun har km ga BHMning 0.05 barobari qo‘shib boriladi.
Ariza my.gov.uz orqali yuborilganida, talabgorga davlat raqam belgisi va to‘lov uchun invoys taqdim etiladi.
To‘lov amalga oshirilgach, “Fayzobod” RO‘ va IOga borib, arizadagi davlat raqam belgisi aytiladi, YHXX inspektori transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazadi va sizga davlat raqami hamda texpasportni taqdim etadi.