"Grozniyga aviaqatnovlarni to‘xtatish va har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishini qatʼiy tekshirish vaqti keldi" – Rasul Kusherbayev

Rasul Kusherbayev va Odiljon Tojiyev o'z munosabatlarini bildirdi

Bosh prokuratura tomonidan Komil Allamjonovga suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida Rossiya fuqarolari sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingani haqida xabar bergandi.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd holati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi

"Kim o‘zi bu ikki shaxs? Qayerdan paydo bo‘ldi bu terrorchilar? Xavfli jinoyatchilar qaysi yo‘l bilan O‘zbekiston hududiga kirishdi? Bu masala aniq oydin aytilishi lozim. Oldinroq Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov suiqasdda «chechen qo‘li» borligini inkor qilib, o‘z chiqishida Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilgan, ularga “qilmishlari” uchun javob berishi haqida ochiqchasiga bayonot bergandi. O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim", – deb yozadi u.

Kusherbayev shunday tahdidlar bo‘layotgan vaqtda O‘zbekiston hukumati nega jim turishi kerak, deya savol qo‘ymoqda. 

"Qachongacha o‘zini shovinistik qarashlari bilan bizga ochiqcha tahdid qiladiganlarni indamay kuzatib o‘tiramiz? Rasmiy shaxs tomonidan bo‘layotgan ochiq tahdidga munosib javob berish vaqti kelmadimi? Javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali bo‘lishi shart va zarur! Kerak bo‘lsa, yetakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qatʼiy tekshirish lozim", – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Shuningdek, deputat Odiljon Tojiyev Ramzan Qodirov o‘zbek xalqidan kechirim so‘rashi kerakligini aytdi va Rossiya prokuraturasidan uning o‘zbekistonlik amaldorga tahdidiga huquqiy baho berishini talab qildi.

U Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning o‘zbek amaldorlariga ochiqdan ochiq tahdidiga munosabat bildirib, u O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerakligini taʼkidlab o‘tdi.

"Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishi, shuningdek, o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid bildirishi yoki bosim o‘tkazishini mutlaqo qoralayman. Bunday harakatlar ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy taʼsir ko‘rsatishi va har ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga zarar yetkazishi mumkin. Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga taxdidi yuzasidan xolatga huquqiy baho berishini so‘rayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘zining kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan-ochiq uzr so‘rashi kerak. Shu bilan birga agar u do‘st bo‘lsa O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Beslan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim", – deb yozgan deputat.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling