Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand viloyati IIBning Jinoyat qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor xodimi ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tezkor xodim o‘zining mansabdor tanishlari orqali, Samarqand shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchilar sifatida o‘tayotgan 1994 y.t. shaxsga tegishli qismini Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasiga asosan tugatish hamda 2003 y.t. fuqaroga nisbatan esa “uy qamog‘i” ehtiyot chorasini qo‘llagan holda, uni ozodlikda qoldirish evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining tezkor bo‘linmasi boshlig‘i ham ushlandi.
U o‘zining mansabdor tanishlari orqali, Guliston shahrida yashovchi, 1995 y.t. fuqaroni shahar FVBga ishga kiritib qo‘yish evaziga 7 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling