Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida nutq so‘zladi. Tafsilotlar

Davlat rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. 

Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Doha shahrida o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta‘kidlandi.

"Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz", – dedi prezident.

Shu munosabat bilan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta‘sis etish taklif qilindi.

Davlat rahbari bandlik masalalarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta‘kidladi. Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va sun‘iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezident “Ijtimoiy mas‘uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi. Barcha uchun ta‘lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta‘kidlandi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trln dollarni tashkil etadi. Bu, prezident ta‘kidlaganidek, yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.

Davlat rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha global alyansning birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni O‘zbekiston to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta‘kidladi. Alyansning bo‘lajak sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish va ta‘lim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif qilindi.

Mehnat migrantlari va ularning oila a‘zolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida e‘tibor qaratildi. O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va ularning oila a‘zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.

Prezident iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta‘siri tobora kuchayib borayotganini ta‘kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari – fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta‘kidladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e‘lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma‘lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.

Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab odamlarga umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta‘minlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Yakunda O‘zbekiston prezidenti sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling