23-mart kuni Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro oʻzining boshqaruvidagi Spark avtomashinasini 16 yoshli qizga topshiradi. Bu haqda Namangan viloyati IIB YHXB xabar bermoqda.
Haydovchining oʻrniga qizi, old oʻrindiqqa esa mashina egasi oʻtiradi. Mashinaning orqa oʻrindigʻida esa qizning onasi va 10 yoshli singlisi boʻlgan. 16 yoshli qiz avtomashinani ichki yoʻlda boshqarib ketayotib, yoʻlning xavfli burilish qismida oʻng tomonga burilayotgan vaqtda boshqaruvni yoʻqotib, yoʻlning oʻn tomonidan oqib oʻtuvchi Andijon kanaliga tushib ketgan.
Hodisa oqibatida qizning onasi va singlisi nafas yoʻliga suv tiqilish tashxisi bilan vafot etgan. Haydovchi va otasi tan-jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
31-mart kuni Uchqoʻrgʻon tumanining 23-maktabning 10 sinf oʻquvchisi otasiga tegishli boʻlgan Cobaltʻni uydan olib chiqib, haydab ketayotgan vaqtda yoʻlni kesib oʻtayotgan 4 sinf oʻquvchisini urib yuboradi.
Hodisa oqibatida bola shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266 moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.