Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda internet orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning faol aʼzosi qo‘lga olindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 2002-y.t. shaxs o‘zining Spark avtomashinasida narkoguruh tashkilotchilari tomonidan berilgan topshiriqqa ko‘ra, Toshkent tumaniga borib, muqaddam narkokuryerlar tomonidan dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan 4 kg 300 gramm “alfa-PVP” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur shaxs Toshkent shahridagi xususiy OTMning 3-kurs talabasi hisoblanadi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda, tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash va tergovga jalb qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida istiqomat qiluvchi, 2001-y.t. fuqaro o‘z akasining nomida bo‘lgan, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 20 sotix yerda juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari yetishtirish bilan shug‘ullanayotganligi to‘g‘risida maʼlumot olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur yer maydonidan jami 247 tup kannabis o‘simligi va 27 kg 708 gramm marixuana olindi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘rtachirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bo‘ka-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yashovchi, 1970-y.t., sobiq ichki ishlar xodimi boshqaruvidagi Lasetti to‘xtatildi.
Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda – 1975-y.t. Qozog‘iston fuqarosi va Bo‘ka tumanida yashovchi, 1989-y.t. shaxs ketayotganligi maʼlum bo‘lib, mashinaning orqa o‘rindig‘i ortida 979 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari bo‘lgan Bekobod tumanida yashovchi, 1989-y.t. va 2001-y.t. 2 nafar fuqaro ushlanib, ulardan ham 437 gramm “gashish” moddasi olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ohangaron shahar, Yangiobod MFYda istiqomat qiluvchi, 1988-y.t., muqaddam sudlangan shaxs va “Birlik” mahallasida yashovchi, 1996-y.t. fuqaro qo‘lga olinib, ulardan 976 gramm marixuana olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.