Ilhom Haydarov O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi etib tayinlandi

Elchi Ahmet Jemil Mirog‘luga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Ilhom Haydarov O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ilhom Haydarov Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol Bosh boshqarmasi boshlig‘i, elchi Ahmet Jemil Mirog‘luga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Muloqot davomida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan O‘zbekiston-Turkiya ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro tashkilotilar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari, xususan joriy yil 21-22 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 51-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki muhokama qilindi.

Shuningdek, turli darajadagi o‘zaro tashriflar va qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, jumladan, ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar va turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Ahmet Jemil Mirog‘lu O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisiga Turkiyadagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi va Istanbuldagi Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga yaqindan ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

56 yoshli diplomat 2024-yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling