Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini borib ko‘rdi

Prezident majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqandga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur‘on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezident majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.

Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma‘muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Davlat rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi.

Yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e‘tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma‘rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur‘oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma‘lumotlar joylashtirilgan.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.

Davlat rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling