Nodirjon Turg‘unov O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Elchi 28-may kuni ushbu mamlakat Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash vazirligi bosh kotibi Majid al-Qatarnaga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Iordaniya munosabatlarini jadallashtirish, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ikki do‘st davlat o‘rtasida mustahkam tarixiy va madaniy aloqalar mavjudligi alohida taʼkidlandi.
Siyosiy muloqotni kengaytirish istiqbollari, jumladan, turli darajadagi o‘zaro tashriflarni tashkil etish va qo‘shma tadbirlar, xususan, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar va hukumatlararo komissiya majlislarini o‘tkazish orqali muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirdilar. Iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi. Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, sayyohlik almashinuvini ko‘paytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalq diplomatiyasini mustahkamlashning muhim vositasi sifatida O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlarida Madaniyat kunlarini o‘tkazish zarurligi qayd etildi.