Toshkentga qiymati 700 mln so‘mdan ortiq zargarlik buyumlarini olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatildi

Holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda

Toshkentda mobil qurilmalar va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib kirilishiga doir bir nechta urinish bartaraf etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, poytaxt aeroportida Dubaydan uchib kelgan yo‘lovchi 10 dona Iphone 16 qadog‘i va aksessuarlarisiz olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan mazkur smartfonlarning umumiy qiymati 162 mln 500 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, Abu Dabidan qaytgan yo‘lovchilardan biri quti va qadoqlari olib tashlangan holatda qiymati 390 mln so‘mlik 24 dona Iphone 16 telefonlarni olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatildi.

Bundan tashqari, Goadan uchib kelgan yo‘lovchilardan biri olmos toshlari bilan bezatilgan 515 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashil yo‘lak orqali olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Mazkur zargarlik buyumlarining umumiy qiymati esa 700 mln so‘mdan oshmoqda.

Holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling