Plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postining bojxona nazorati va rasmiylashtiruv guruhi inspektori Davlatobod tumanida yashovchi, 1993-y.t. shaxsning xorijdan olib kelingan 57 dona Iphone 16 PRO MAX telefon qurilmalarini Toshkent xalqaro aeroportida ishlovchi bojxona xodimi orqali IMEI-kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga har bir uyali aloqa vositasi uchun 100 dollardan, jami 5700 dollar hamda muqaddam fuqaro tomonidan chet eldan deklaratsiyada ko‘rsatmagan holda kiyim-kechaklarni olib kelganligi yuzasidan chora ko‘rmaganligi evaziga 400 dollar talab qiladi.
Inspektor 11 va 14-iyul kunlari so‘ralgan pul mablag‘idan 900 dollar hisobida 11 mln 317 ming so‘mni o‘zi va qarindoshiga tegishli bank plastik kartalariga o‘tkazdirib oladi.
Ammo, 16 iyul kuni u 1000 dollar hisobida 12 mln 550 ming so‘mni qarindoshining bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan bojxona inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.