Ishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Dehqonobod tumanida “D.K.” AJ qo‘riqchisi M.A. fuqarolar S.U. va Yo.I.ning ishonchiga kirib, ularni ushbu korxonaga ishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 500 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Shofirkon tuman Tibbiyot birlashmasi bo‘lim hisobchisi Yu.H. fuqaro S.Z.ning ishonchiga kirib, uni ushbu tibbiyot birlashmasiga ishga kiritib qo‘yishi evaziga 700 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Farg‘ona viloyatida esa "Toshloqtumangaz" gazchisi M.M. va boshqalar o‘zaro til biriktirib fuqaro A.S.ni ushbu gaz ta’minoti korxonasiga ishga kiritib qo‘yishi evaziga muqaddam 1,7 mln so‘m va 500 dollar firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 640 dollarning qaytarilishi prosessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakalari o‘tkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling