Toshkentda bugundan isitish mavsumi yakunlanadi

So‘nggi hafta davomida Toshkentda kechalari havo +8 daraja iliqdan pastga tushmayapti

Belgilangan me‘yorlarga ko‘ra, isitish mavsumi o‘rtacha sutkalik havo harorati +8 daraja iliqdan yuqori bo‘lgan 5 kunlik davr tugagan kunning ertasidan boshlab tugaydi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi hafta davomida Toshkentda kunduz kunlari havo harorati +18-19 daraja va undan yuqori, kechalari esa +8 daraja iliqdan pastga tushmayapti.

Gidrometeorologiya markazining prognoziga ko‘ra, yaqin 5 kun ichida kunduzgi havo harorati +20-22 daraja, kechasi esa +10 daraja iliqdan yuqori bo‘ladi.

Ayni paytning o‘zida ham poytaxtda o‘rtacha sutkalik harorat +12-13 daraja iliqdan oshgan, bu isitish mavsumini yakunlash uchun belgilangan me‘yorlarga mos keladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2024-2025-yillardagi isitish mavsumi rasman 2025-yil 18-martda yakunlanishi ma‘lum qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling