Odam savdosi uchun qidirilayotgan O‘zbekiston fuqarosi Istanbuldan Toshkentga ekstraditsiya qilindi

Ayol sotish va ekspluatatsiya maqsadida qizlarga yuqori maosh vaʼda berib, ularni Turkiyaga olib borgan.

Odam savdosi uchun qidirilayotgan va uzoq vaqt davomida Turkiya hududida yashirinib yurgan O‘zbekiston fuqarosi Istanbuldan Toshkentga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, jinoyatchi ayol sotish va ekspluatatsiya maqsadida qizlarga yuqori maosh vaʼda berib, ularni Turkiyaga olib borgan. U yerda qizlarning pasportlarini tortib olib, ularni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.

Interpolning Toshkent va Anqara Milliy markaziy byurolari o‘rtasida olib borilgan hamkorlikdagi saʼy-harakatlar va tezkor-axborot kuzatuvi natijasida jinoyatchining qayerdaligi aniqlandi va u qamoqqa olindi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining iltimosnomasi Turkiya vakolatli organlari tomonidan qanoatlantirilganidan so‘ng, qidiruvdagi shaxs topildi va Interpol Milliy Markaziy Byurosi xodimlari kuzatuvida keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga olib kelindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling