Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki yil oldin 200 mln dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.
Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, elektron ta‘lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 3200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili rezidentlar tomonidan 1,6 mlrd dollarlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan mazkur ko‘rsatkich 2,5 mlrd dollardan ortishi kutilmoqda.
Eksport hajmi esa ilk bor 1 mlrd dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ziyod yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta‘minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun‘iy intellekt yo‘nalishining o‘zida O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
"Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qo‘yilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yana-da kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi", – dedi davlatimiz rahbari.
Loyihaga ko‘ra, IT-park hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, 150 mln dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 mlrd dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun‘iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek, servis va savdo markazlari quriladi.
Majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan “Sun‘iy intellekt xabi”ga aylanadi.
Shavkat Mirziyoyev kapsula qo‘yib, “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.