Bu yil yoz quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi, deb xabar berdi O‘zgidromet.
Maʼlum qilinishicha, 1-7-iyun kunlari respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin 35-38 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 40 darajagacha ko‘tariladi.
Keyinchalik oy oxirigacha harorat 33-38 darajadan 25-30 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida eng issiq kunlarda harorat 39-41 darajagacha ko‘tariladi.
Birinchi o‘n kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.