Yo‘l harakati qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tartibi belgilandi

Jarima ballari haydovchilar qoidabuzarliklarni birinchi marta sodir etgan kundan boshlab, keyingi yil shu kunga qadar amalda hisoblanadi

Hukumat qarori bilan “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizom transport vositasini boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidabuzarliklarni sodir etish holatlarini jarima ballari asosida baholash, jarima ballarini hisoblash, hisoblangan jarima ballari bo‘yicha murojaat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.

Jarima ballari faqat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomalar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar asosida hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, jarima ballari haydovchilar qoidabuzarliklarni birinchi marta sodir etgan kundan boshlab, keyingi yil shu kunga qadar amalda hisoblanadi.

Jarima ballarini hisoblash davrida jarima ballari o‘n ikki ballga yetmasa, to‘plangan ballar keyingi jarima ballarini hisoblash davri uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jarima ballarini hisoblash tartibi:

  • jarima ballari tizimi “E-jarimaball” moduli orqali inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda hisoblanadi;
  • haydovchilar o‘zining jarima ballari haqidagi maʼlumotlarni istalgan paytda “E-jarimaball” tizimi orqali olishlari mumkin;
  • haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar sakkiz ballga teng bo‘lganda “SMS” xabar yuborish yo‘li bilan ogohlantiriladi;
  • sud tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan deb topilsa, jarima ballari huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Mazkur qaror 2025-yil 1-iyundan kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling