Markaziy bank O‘zbekiston MTJning mundialda ishtirokiga bag‘ishlangan esdalik tangalarni muomalaga chiqaradi

Esdalik tangalari 18-iyundan boshlab 690ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqariladi.

Markaziy bank tomonidan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining “Jahon chempionati - 2026”da ishtirok etishi munosabati bilan maxsus esdalik tangalari muomalaga chiqariladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olishini tarixga muhrlash maqsadida 999,9 asllikdagi sof oltin va kumushdan esdalik tangalari zarb etildi.

Esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi chizmasi hamda “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida - 2026” yozuvi aks ettirilgan. Mazkur elementlar milliy terma jamoamizning ilk mundial yo‘llanmasi va O‘zbekiston futboli tarixidagi yangi sahifani ramziy tarzda ifodalaydi.

Tangalar dizaynida muxlislar orasida “Oq bo‘rilar” nomi bilan tanilgan milliy terma jamoa ramzi ham o‘rin olgan. Revers qismidagi bo‘ri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va taslim bo‘lmas xarakterini ifodalaydi. Ushbu ramz 26 nafar futbolchi siluetini o‘zida mujassam etib, tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati bilan qo‘lga kiritilganini anglatadi.

Shuningdek, tanga dizaynida milliy terma jamoa libosidagi naqshlar ko‘hna obidalarimiz devorlaridagi naqshlardan olingani shonli tariximiz va boy madaniyatimizni ifoda etadi. Bu yechim futbol, milliy g‘urur va ajdodlar tarixini yagona kompozitsiyada birlashtiradi.

31,1 gramm og‘irlikdagi 100ta oltin va 1000ta kumush tangalar yuqori badiiy hamda kolleksion qiymatga ega bo‘lib, cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan.

Esdalik tangalari 18-iyundan boshlab 690ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqariladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling