Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tumanlardan biridagi filiali boshlig‘i tuman hokimligi tomonidan o‘zining turmush o‘rtog‘i nomiga sotish huquqisiz, ijara shartnomasi asosida ajratilgan 42 sotix yerni xaridorga sotgan.
U keyinroq hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming dollar talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1974-y.t. fuqaro Davlat kadastrlar palatasining Jarqo‘rg‘on tumani filiali kadastr muhandisi bilan til biriktirgan.
U o‘zi tomonidan noqonuniy egallab olingan, aslida Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yerni xaridorga 200 mln so‘mga sotishga va 4 mln so‘m evaziga uning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishga kelishadi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda 1974-y.t. fuqaro 200 mln so‘mni, kadastr muhandisi esa 4 mln so‘mni olgan vaqtlarida ushlandi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi MFYlardan birining raisi o‘zganing nomida bo‘lgan 15 sotix turar-joyni va unga tutash joylashgan davlat zaxirasidagi 1,35 gektar yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
U buning evaziga 150 ming dollar talab qilib, oldindan 50 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.