Toshkent viloyatida tibbiyot buyumlarini noqonuniy sotishga uringan mansabdor ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining maʼsul xodimi Boshqarmaga qarashli Maxsus tibbiy taʼminot bazasida saqlanayotgan tibbiyot buyumlarini xaridorga hujjatlarni qalbakilashtirish orqali 57 ming 880 dollarga sotishga kelishib, oldindan 40 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasining 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Jizzax filiali Sharof Rashidov tumani elektr taʼminoti bo‘limi bosh muhandisi “Energosavdo” korxonasining tuman bo‘limi nazoratchisi bilan o‘zaro til biriktirib, yakka tartibdagi tadbirkorning yer maydoniga elektromobillarni quvvatlantirish shahobchasini tashkil etishi uchun 400 kVtli transformator o‘rnatish, tegishli tartibda barcha hujjatlarni tayyorlash va tarmoqqa ulab berish evaziga 90 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 214-moddasi 3-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangandagi maktablardan birining direktor o‘rinbosari abituriyentlarga OTMlarga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi milliy sertifikat olish bo‘yicha imtihonlarning test savollari va javoblarini mansabdor tanishlari orqali olib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga 20 ming dollar talab qilib, 8 ming dollar va 156 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasining 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling